Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga nisbatan hujumlar davom etsa, Eronga qarshi harbiy choralar ko‘rish mumkinligidan ogohlantirdi.
Bugun BAAdagi Fransiya harbiy bazasi hamda Iordaniyadagi Bundesver askarlari hujumga uchradi. Shuningdek, Eron Buyuk Britaniya harbiy bazalari joylashgan Kipr yo‘nalishiga ikki raketa uchirgan.
“Biz Eronni ushbu o‘ylamasdan amalga oshirilayotgan hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz. Shuni ma’lum qilamizki, biz mintaqadagi o‘z manfaatlarimiz va ittifoqchilarimiz manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyormiz.
Zarur va kelishilgan mudofaa tadbirlari orqali Eronning raketa va harbiy dronlarni uchirish qobiliyatini, shuningdek, ularning asosiy manbasini yo‘q qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin”, deyiladi mamlakatlarning qo‘shma bayonotida.
Avvalroq Fransiyaning «Sharl de Goll» aviatashuvchisi O‘rta Yer dengizi tomon yo‘l olgani xabar qilingandi.