Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Jinoyat Kodeksining 246-moddasi (“Kontrabanda”) va 273-moddasida (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab...) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 2025 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, 1992 y.t. shaxs ushlandi va u tomonidan ijaraga olingan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, xonadon oshxonasidagi muzlatgich ichida 151 gr “opiy” va hojatxona shaxtasi ichida 4 kg 971 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ushbu narkotiklar qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara Qo‘shinlari hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2003 y.t. 2 nafar fuqaro shartli xaridorga 932 gr “gashish” va 2,5 gr “opiy” moddalarini 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.