AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish zarurligini ta’kidlab, tinchlikka erishish uchun Kiyev va Yevropa davlatlariga ta’sir o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
"Tramp yana bir bor harbiy harakatlarni to‘xtatish zarurligiga urg‘u berdi. U Yevropadagi hamkorlar va Kiyevga, jumladan, yaqinlashib kelayotgan G7 sammiti doirasidagi muloqotlar chog‘ida ham ta’sir o‘tkazishga tayyorligini aytdi", — dedi Putinning yordamchisi.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Putin suhbat davomida, agar Ukraina prezidenti Zelenskiy uchrashuv o‘tkazishni istasa, uni Moskvada kutishga tayyorligini bildirgan. Biroq Zelenskiy o‘tgan yili Rossiya poytaxtiga borish variantini rad etgan edi.
U, shuningdek, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushnerning yaqin kunlarda Rossiyaga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Biroq tashrif tafsilotlari oshkor etilmadi.