“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan reydlar davom ettirilmoqda.
Xususan, poytaxtning Bektemir tumanida o‘tkazilgan tadbirda “Oltintopgan” MFYdagi xonadonlarning birida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Fuqaro gaz ta’minoti tashkiloti bilan shartnoma tuzmagan holda, tijorat maqsadida konserva mahsulotlarini tayyorlash uchun tabiiy gazdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzildi va iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘idan uzildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga 2 milliard 731 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Holatga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi. Toshkent shahrida nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.