15 iyul kuni Donald Tramp ma’lum qildi: u Ukrainaga Moskva yoki Rossiya chuqurligidagi nishonlarga zarba berishga qodir uzoq masofali raketalarni bermoqchi emas.
«Yo‘q, bizning bunday rejamiz yo‘q», — dedi u Pittsburgga safar oldidan jurnalistlar savoliga javob berib.
Shu bilan birga, CNN manbalariga ko‘ra, Tramp boshqa turdagi hujumkor qurollarni berish imkonini istisno qilmagan. Ular orasida “Tomagavk” raketalari ham muhokama qilingan.
NATOdagi Tramp jamoasi ham yangi yetkazib berishlar mumkinligini tan olmoqda. AQShning alyansdagi vakili Mett Uitaker 14 iyul kuni aytgan: «Har qanday qurol ham himoyaviy, ham hujumkor bo‘lishi mumkin. Hech narsani istisno qilmaymiz».
Financial Times yozishicha, Tramp Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan suhbatda Moskva va Sankt-Peterburgga zarbalar ehtimoli bilan qiziqqan. Keyinchalik Tramp FT maqolasini «kontekstdan uzib olingan» deb atadi va ta’kidladi: «Yo‘q, unga Moskvaga hujum qilish kerak emas».
Tramp o‘zini Rossiya yoki Ukraina tomonida emas, «insonparvarlik tomonida» ekanini bildirdi.
Oq uy ham vaziyatni yumshatishga harakat qildi. Press-kotib Kerolayn Livitt CNN ga ma’lum qilishicha, Tramp faqatgina savol bergan, u urushni to‘xtatishga intilayapti.
Ammo Kiyevda bu so‘zlar jiddiy qabul qilindi. Zelenskiy Moskva va Peterburgga zarbalar imkonini tasdiqladi — agar tegishli qurollar bo‘lsa. Suhbatdan so‘ng Ukraina, Yevropa va AQSh o‘rtasida uzoq masofali raketalar bo‘yicha yangi muzokaralar boshlangan.
Hozircha Ukraina arsenalida Moskvagacha (800 km) yetib borishga qodir raketalar yo‘q. Eng uzoq masofaga zarba beradigan qurol — ATACMS raketalari bo‘lib, ularning maksimal radiusi 300 kmni tashkil etadi.