Hindiston ehtimoliy AQSh sanksiyalari ortidan Rossiya nefti importidagi uzilishlarga tayyor. Bu haqda mamlakat neft vaziri Xardip Singx Puri ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Hindiston neftini alternativ manbalardan import qilishga tayyor va zarurat tug‘ilsa, tezda ta’minotni qayta yo‘lga qo‘ya oladi. «Men hech qanday xavotirda emasman. Agar biror narsa ro‘y bersa, biz bunga tayyormiz», — dedi vazir.
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq, agar Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan yarashuvga rozi bo‘lmasa, Rossiya eksportini xarid qilayotgan davlatlarga sanksiya joriy qilishini aytgan edi.
Purining so‘zlariga ko‘ra, Hindiston allaqachon ta’minot manbalarini diversifikasiya qilgan. Hozirda neft olinayotgan mamlakatlar soni 27 tadan 40 tagacha oshgan. Ular orasida Gayana, Braziliya va Kanada bor.
2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Rossiya Hindistonga neft yetkazib beruvchi asosiy mamlakat bo‘lib qolmoqda — umumiy importning taxminan 35 foizini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Iroq, Saudiya Arabistoni, BAA va AQSh turibdi.
Rossiya neftini asosan xususiy kompaniyalar — Reliance Industries va Nayara Energy import qilmoqda. Ular hissasi qariyb yarimga teng.
Agar sanksiyalar sabab ta’minotda uzilish yuz bersa, davlat kompaniyasi Indian Oil Corp urushgacha bo‘lgan modelga qaytishi mumkin. O‘shanda Rossiya neftining ulushi bor-yo‘g‘i 2% ni tashkil qilardi.