Isroil hukumatida ichki siyosiy inqiroz fonida uch nafar vazir bir vaqtda Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga iste’fo haqida ariza topshirdi. Bu haqda The Times of Israel nashriga tayanib, Report agentligi xabar berdi.
Iste’foga chiqqanlar quyidagilar:
Ichki ishlar vaziri Moshe Arbel
Ijtimoiy ishlar vaziri Yaakov Margi
Din ishlari vaziri Maykl Malkieli
Ular ultra-pravoslav Shas partiyasining vakillari hisoblanadi va partiya hukumat tarkibini tark etish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Mazkur qaror mamlakatda diniy yuksak ta’lim muassasalari talabalarini harbiy xizmatdan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi atrofida kelib chiqqan siyosiy ziddiyatlar bilan bog‘liq.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shas partiyasi vakillari sog‘liqni saqlash, mehnat va qishloq xo‘jaligi vazirliklari rahbarligidagi o‘rinbosar lavozimlarini ham egallab turibdi. Ularning ham bugun iste’fo berishlari kutilmoqda.