Tojikistonda Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kengashi tashkil etildi. Yangi tuzilmaga mamlakat prezidenti Emomali Rahmon shaxsan rahbarlik qiladi.
Kengash innovasiyalarni joriy etish, IT-infratuzilmani rivojlantirish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi maydon sifatida ishlaydi.
Uning tarkibiga hukumatning asosiy vazirlari, shuningdek raqamli texnologiyalar va iqtisodiyot sohasiga mas’ul idoralar rahbarlari kiritilgan.
Mazkur tashabbus mamlakatning raqamli transformasiya strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq Tojikistonda 2025–2030 yillar davri «Raqamli iqtisodiyot va innovasiyalarni rivojlantirish yillari» deb e’lon qilingan edi.
Rasmiylar fikricha, ushbu kengash raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga joriy etish va mamlakatning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.