Tojikistonda 2024 yil davomida 34 nafar ofiser o‘z xizmat joylaridan qochib ketgan. Bu haqida mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha vakili Umid Bobozoda o‘zining yillik hisobotida ma’lum qilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan yilda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jami 107 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 30 nafar yosh jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shu bilan birga, 34 ofiser dezertirlik qilgan, yana 28 kishi xizmat joyini ruxsatsiz tark etgan hollar aniqlangan.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, bu holatlar harbiy qismlardagi og‘ir sharoitlar, xizmatdagi zo‘ravonlik va qo‘pol muomala kabi muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda xizmat paytidagi shikastlanish yoki o‘lim holatlari ham yoshlarni harbiy xizmatdan qochishga undamoqda.
Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, ammo dezertirlik qilgan ofiserlarga nisbatan aniq jazo choralari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.