"Titanik" cho‘kib ketishidan bir necha kun oldin bortida yozilgan noyob xat Angliyada kim oshdi savdosida sotildi. Muallif amerikalik tadbirkor va yozuvchi Archibald Greysi. 1912-yil 10-aprelda yozilgan maktub kim oshdi savdosida 350 ming yevro atrofida rekord summaga sotildi.
"Bu bizga ma’lum bo‘lgan eng qimmatli xatlardan biridir", dedi Henry Aldridge & Son auksion uyi.
Birinchi toifadagi yo‘lovchi Greysi Angliyadagi do‘stiga shunday deb yozgan: "U juda chiroyli kema, lekin men u haqida o‘z fikrimni bildirgunimcha, sayohat oxirigacha kutaman".
Unda laynerning hashamati va bortdagi o‘yin-kulgi tasvirlangan. Ertasi kuni, 11 aprelda, xat Irlandiyaning Kvinstaun portidan, Atlantika okeani oldidagi oxirgi bekatdan yuborildi.
Oradan atigi uch kun o‘tib, 15-aprelga o‘tar kechasi layner aysberg bilan to‘qnashib ketdi va cho‘kib ketdi, natijada 1500 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Greysi yo‘lovchilarga qutqaruv qayiqlariga tushishga yordam berayotgan edi, biroq u bir lahzada suvga tushib ketdi. U ag‘darilib ketgan qutqaruv qayig‘igacha suzishga muvaffaq bo‘ldi va qutqarilgunga qadar muzli suvda to‘rt soat vaqt o‘tkazdi. U omon qolgan 712 kishi orasida edi.
Qutqaruvdan so‘ng Archibald Greysi "Titanik haqidagi haqiqat" kitobini yozdi va u bessellerga aylandi. Ammo uning o‘zi ham jismonan ham, ruhiy jihatdan ham tuzalmadi: ofatdan atigi sakkiz oy o‘tgach, 1912 yil 4 dekabrda u Nyu-Yorkda diabet va hipotermiyadan kelib chiqqan asoratlardan vafot etdi.