Samarqand shahrining Registon maydonida joylashgan Tillakori madrasasi restavrasiya qilinadi, shuningdek, “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasida rekonstruksiya-restavrasiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish hamda hududni obodonlashtirish ishlari boshlanadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 19—21 may kunlari Toshkent shahrida agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashning yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda 120 ga yaqin loyiha ko‘rib chiqilgan.
Ilmiy-ekspert kengashining qaroriga ko‘ra, Samarqand shahar, Registon maydonida joylashgan Tillakori madrasasini restavrasiya va tiklashga yodgorlikning bezaklariga ziyon yetkazmaslik sharti bilan ruxsat berilgan. Shuningdek, Samarqand viloyatida joylashgan “So‘fi Olloyor” masjidida ta’mirlash-tiklash, Shahrisabz shahar tarixiy markazida joylashgan “Qal’a devori”, Surxondaryo viloyatidagi “Tuz g‘ori” madaniy meros ob’ektini mukammal ta’mirlash, Qashqadaryo viloyatidagi “Soqi Mavlon ota” maqbarasini tarixiy va tabiiy landshaft ko‘rinishini saqlagan holda kompleks ziyoratgohga aylantirish, “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasida rekonstruksiya-restavrasiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish hamda hududni obodonlashtirish kabi takliflar ma’qullangan.
Shuningdek, Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi “Toshbuloq” hamda “To‘g‘onbuloq” arxeologik yodgorliklarini moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilishi tasdiqlangan.
“Umumiy hisobda Buxoro, Toshkent va Samarqand shaharlari, Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha 11 ta loyiha tarixiy yodgorliklarning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, Kengash tomonidan berilgan tavsiyalar to‘liq bajarilmagani bois tasdiqdan o‘tmadi”, – deyiladi xabarda.