Turkiya prezidenti ma’muriyati huzuridagi Dezinformasiyaga qarshi kurash markazi respublika rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning sog‘lig‘i yomon ekani haqidagi da’volarni rad etdi. Markaz bularni asossiz va prezidentga qarshi qaratilgan deb baholagan.
“YouTube’dagi kanallardan birida prezidentimizning sog‘lig‘i haqida asossiz gaplar aytildi. Efirda ishlatilgan iboralar asossiz ayblovlar, haqoratlar va prezidentga qarshi hujumlarni o‘z ichiga olgan”, deyiladi markazning mahalliy jurnalist Levent Gultekinning videoxostingdagi bayonotlari munosabati bilan tarqatgan xabarida.
“Prezidentimiz o‘zining konstitusiyaviy vakolatlarini va Turkiya Respublikasi rahbari sifatidagi vazifalarini bajarib, millatimizga xizmat qilish uchun barcha kuch-g‘ayratini sarflamoqda. Prezidentimiz bilan muloqot qiladigan davlat rahbarlari, siyosatchilar va boshqa rasmiy shaxslar uning muammolarni qanchalik chuqur tushunishini, kuchli xotirasi va qarorlarni himoya qilishdagi qat’iyatini yaxshi bilishadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, “jurnalistikaning tamoyillari va jiddiyligini mensimaydigan, hech qanday mas’uliyat va ehtiyotkorlik ko‘rsatmaydigan, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatadigan shaxslar faqat o‘zlarini past tutadi va kulgili ahvolga tushadi”.