Toshkent davlat texnika universiteti talabalari yotoqxonadan chiqarilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi holatga oydinlik kiritib, talabalar hali rasman foydalanishga topshirilmagan yotoqxonaga joylashtirilganini ma’lum qildi.
Tarqalgan xabarlarda qariyb 300 nafar talaba, jumladan qizlar ham, 6 oktyabr kuni kechqurun binodan chiqarilgani aytilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, gap Toshkent shahridagi Talabalar shaharchasida TDTU tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi haqida bormoqda. Ob’ekt hali rasman foydalanishga topshirilmagan, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar yotoqxonaga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ariza berib, tegishli yo‘llanma olishi lozim.
Biroq tadbirkor ayrim talabalarni belgilangan tartibga rioya qilmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz ob’ektga joylashtirgan. Bundan tashqari, yotoqxonada boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari ham istiqomat qilgan.
Holat aniqlanganidan keyin xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barcha talabalar ob’ektdan chiqarilgan. TDTU talabalari universitetning mavjud bo‘sh yotoqxonalariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa OTM talabalari esa mas’ullar orqali o‘z ta’lim muassasalariga qaytarilgan. Xorijiy talabalar ham zarur ruxsat hujjatlari bo‘lmagani sababli binodan chiqarilgan.
Vazirlik ma’lum qilishicha, yotoqxonada issiq suv va isitish tizimlari ham hali to‘liq ishga tushirilmagan. Ob’ektning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilmagan, qurilish ishlari esa belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagan.
Shu bilan birga, ob’ektga joylashtirilgan talabalardan avval undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan to‘liq qaytarilgan.
Vazirlik va universitet talabalarning ushbu ob’ektga belgilangan tartibga rioya etilmagan holda joylashtirilganidan oldindan xabardor bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Hozirda yotoqxonaning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, ob’ekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi.