Bugun 15 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Eronda namoyishlar haqida video tarqatgan 23 yoshli qiz qatl etildi

Eronda namoyishlar haqida video tarqatgan 23 yoshli qiz qatl etildi

Eronda 23 yoshli Nashmeh Amini namoyishlar haqida videolar tarqatgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilinib, qatl etildi. Ma’lum qilinishicha, 16 sentyabr kuni Eron sudi unga nisbatan o‘lim jazosi tayinlagan va ko‘p o‘tmay hukm ijro etilgan.

Qatl etilishidan oldin qiz vatandoshlaridan unga yordam berishni so‘ragan. Uning qamoqxonadan yashirincha tashqariga chiqarilgan ovozli murojaatida quyidagi so‘zlar yangragan:

«Eron xalqiga salom. Bugun men o‘zimni qahramon qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Faqat bir narsani so‘rayman: mening ovozimga aylaning. Men faqat adolat va o‘zimni himoya qilish imkoniyatini istayman. Advokatlar, huquqshunos olimlar, inson huquqlari himoyachilari va begunoh insonlarning ovozini eshitayotgan barcha kishilardan sud ishim materiallarini o‘rganishlarini so‘rayman. Ismimni yodda saqlang. Balki men boshqa hech qachon gapira olmasman. Ammo tirik ekanman, dor sirtmog‘i hayotimga nuqta qo‘yishidan oldin Eronimning gullab-yashnagan va ozod bo‘lganini ko‘rishga umid qilaman».

Nashmeh Mashhad shahrida buxgalteriya hisobi yo‘nalishida tahsil olgan. Yanvar oyida u yuz minglab odamlar qatorida ulamolar hokimiyatiga qarshi namoyishlarda qatnashgan.

31 yanvar kuni u bozor hududida hibsga olingan. Huquq himoyachilarining aytishicha, qiz qo‘lga olinganidan keyin shafqatsizlarcha kaltaklangan. Instagram ijtimoiy tarmog‘ida namoyishlar aks etgan qisqa videolarni e’lon qilgani uning qatl etilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Qiz Vakilabad qamoqxonasida qariyb uch oy davomida yakka kamerada saqlangan. Aytishlaricha, unga iqrorlik ko‘rsatmalarini berish uchun bosim o‘tkazilgan. Oxir-oqibat u «Payg‘ambarni haqorat qilish» aybi bilan o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Nashmehning taqdiri yagona holat emas. Iran Human Rights tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyidan avgustgacha Eronda kamida 532 kishi qatl etilgan. Ularning orasida namoyishlarning 31 nafar ishtirokchisi ham bo‘lgan.

Boshqa bir inson huquqlari markazi esa atigi yetti oy ichida 900 dan ortiq qatl holatini qayd etgan. Faollarning ta’kidlashicha, yuzlab namoyishchilar hozirda o‘lim hukmlarining ijro etilishini kutmoqda.

«Barcha qatllarning aniq bir maqsadi bor: qo‘rquvni tarqatish va yangi namoyishlarning oldini olish», — dedi Iran Human Rights tashkiloti direktori Mahmud Amiri-Mug‘addam.

Kiritildi: 20:24 14.10.2026. O'qildi: 624 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!