O‘zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyida Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Odil Ahmedov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sports.kz Sport24 nashriga tayanib.
«Biz haqiqatan ham Rossiya futbol ittifoqi bilan aloqadamiz va noyabr oyida O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin turibmiz. Yozdan buyon Rossiya terma jamoasi bilan o‘ynashni istagan edik va hozir ham barcha tafsilotlarni muhokama qilyapmiz.
Ayni paytda ikki ehtimoliy raqib — Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan muzokara olib boryapmiz. Dastlab Saudiya Arabistoni terma jamoasi bilan uchrashuvni Ar-Riyodda o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan bahsni Toshkentga ko‘chirmoqchimiz. Saudiya tomoni hozircha bu taklifga rozi bo‘lmayapti.
Agar Saudiya Arabistoni bilan kelisha olmasak, katta ehtimol bilan Rossiya terma jamoasiga qarshi Toshkentda o‘ynaymiz. Rossiya tomoni esa o‘z maydonida uchrashuv o‘tkazishdan manfaatdor. Shu bois bahs qayerda o‘tkazilishi masalasi ham ochiq qolmoqda.
Hozircha yakuniy kelishuv yo‘q, ammo o‘yinni tashkil etish bo‘yicha kelishishga yaqinmiz. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan barcha tafsilotlarni muhokama qilishimiz kerak. Umid qilamizki, noyabr oyida ushbu o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishga erishamiz», — dedi Ahmedov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi sentyabr va oktyabr oylarida o‘rtoqlik uchrashuvlarida Eronni 3:1, Suriyani 4:1 hisobida mag‘lub etgan, Janubiy Koreyaga esa 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.