Mamlakat kelajagi, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan insonlarga bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, bugun qaysi sohani olmaylik, zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biror natijaga erishib bo‘lmasligi kundek ravshanlashmoqda.
Besh-olti yil muqaddam aksariyat maktablarda yoshlarning sifatli bilim olishi uchun yetarli sharoit yo‘qligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qilardi. Jumladan, bir sinfda 30, hatto 40 nafargacha o‘quvchi o‘qigan. Bu ham yetmagandek, sinfxonalarda yetarli sharoit bo‘lmagan. Zarur o‘quv qurollari yetishmas, sinfxonalar yetarlicha yoritilmas, qishda sovuq, yozda issiq bo‘lardi. Oylik maoshi kamligi tufayli ko‘plab erkak o‘qituvchilar maktabni tashlab, ishlash uchun xorijga ketishga majbur edi.
Yana bir hayotiy misol. Ilgari o‘qituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, faoliyatiga mutlaqo aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etilardi. Aniqroq aytganda, ular bolalarni o‘qitish, ta’lim berish o‘rniga butun kuzni paxta dalasida o‘tkazardi. Bu esa nafaqat ta’lim sifatiga, balki soha xodimlarining kasbiy munosabatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘plab tajribali o‘qituvchilar ko‘ngli sovub, sevgan kasbini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan yurtimizda innovasion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratdi.
Birgina so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etildi. Ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalar qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi. 200 ga yaqin yangi maktab barpo etilib, 3 mingdan ortiq mavjud umumta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi.
Iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ular qobiliyatini rivojlantirish, maktab ta’limiga o‘qitishning ilg‘or metodlarini joriy etish, zamonaviy bilimlar va chet tillarni puxta o‘rgatish maqsadida Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu maktablarning tashkil etilgani ta’lim tizimida yuksalishning yangi bosqichini boshlab berdi. O‘z navbatida, yurtimiz kelajagi uchun xizmat qiladigan iqtidorli, qobiliyatli, ilm-fanga mehr qo‘ygan yoshlarning yanada ko‘payishiga zamin yaratdi.
Kuchli davlatni salohiyatli kadrlar quradi
Bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Sifatli ta’limsiz, malakali kadrlarsiz, jamiyatda, mamlakatda yuksalish bo‘lmaydi. Xalqimizda “bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r — mingni”, “bilak bilan bitmagan bilim bilan bitar”, “bilgan bilganin ishlar, bilmagan barmog‘in tishlar” degan maqollar bejiz aytilmagan.
Zero, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim-tarbiyadir. Shuning uchun yurtimizda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashga katta kuch va mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ayonki, jamiyatda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali kechadi. Ta’lim sifati rivojlansa, hamma sohada o‘zgarish, rivojlanish kuzatiladi.
Hammamiz o‘qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, o‘g‘il-qizlarini shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanib borayotganini ko‘ryapmiz, guvohi bo‘lyapmiz. Shu bois, yurtimizda ham yoshlarning shunday yuksak darajaga ko‘tarilishi uchun zarur imkoniyatlar ishga solinmoqda.
O‘tgan davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalarining umumiy soni 159 taga yetdi. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazilgani yoshlarni bilimli, raqobatdosh kadrlar etib tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Bu islohotlar hali ko‘zlangan marraning bir qismi, xolos. Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarda ham ta’lim sohasiga keng o‘rin berilgan.
Xususan, taraqqiyot strategiyasida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish, ta’lim sifati va kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida qabul parametrlarini 2022 yilda oshirish, joriy yilda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu orqali ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasi yuzaga keladi, oliy ta’lim muassasalari talabdan kelib chiqib mutaxassis tayyorlaydi.
Ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy qismini oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Shu bois, oliy o‘quv yurtlariga qamrovni kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilishga alohida e’tibor qaratilayotir. Birgina misol: oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar ko‘paytirilgani qamrov ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Qabul ko‘rsatkichi 250 mingga yetkaziladi
Yaqingacha oliygohlarga o‘qishga kirish juda qiyin edi. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Yurtimizda bu masalalar hisobga olinib, oliy ta’limga qabul kvotasi yildan yilga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarni bilimli, malakali, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar etib tayyorlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilyapti.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash shu bilan cheklanib qolmaydi. 2026 yilgacha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkaziladi. Bu yilning o‘zida Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida kamida 1 tadan nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tashkil etish maqsad qilingani yoshlar kelajagini ta’minlashga qaratilgan ezgu tashabbusdir.
Nodavlat oliy ta’lim tashkiloti qancha ko‘paysa, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat kuchayadi. Son emas, sifatga e’tibor qaratiladi. Har bir oliy ta’lim muassasasi o‘z jamoasini ilmiy salohiyati yuqori professor-o‘qituvchilar bilan kengaytirishga harakat qiladi. Asosiysi, yoshlarning o‘qishga ishtiyoqi oshadi, ta’lim sifati yuksaladi.
Ilm — eng katta sarmoya
Inson necha yoshda bo‘lmasin, sarmoyasini ko‘paytirishni istaydi. Chunki o‘qish va o‘rganishdek sharafli va lazzatli ne’mat yo‘q. Inson bilimi tufayli qadrlanadi, hurmat qozonadi. Shu sababli bugun mamlakatimizdagi kabi ta’lim-tarbiyaga, yoshlar taqdiriga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan, katta mablag‘ yo‘naltirayotgan davlat dunyoda kam.
Birgina misol: 2021 yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qiz oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilindi. Yana shuncha talaba qizlarning kontrakt puli to‘lab berildi. Ayollar ta’limiga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qiz ta’lim olgan bo‘lsa, bugun ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ularning ulushi 2016 yildagi 38 foizdan ayni paytga qariyb 50 foizga yetdi.
Shu nuqtai nazardan bugun yurtimizda ta’lim, ilm-fanni yanada rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlarni nafaqat yurtdoshlarimiz balki, xorijlik ekspertlar ham e’tirof etmoqda. Bu davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tgan davrda yurtimiz ilm-fan va ta’lim borasida o‘z mavqei va nufuzini tiklaganidan dalolat.
Ta’bir joiz bo‘lsa, hozir ko‘p davlatlar o‘g‘il-qizlari yurtimiz yoshlariga havas bilan qaramoqda. Sababi, davlatimiz rahbari har yili bir necha marta yoshlar vakillari bilan uchrashib, ularning intilishi, orzu-istaklari bilan qiziqadi. Muammolarini so‘raydi va mutasaddilarga yoshlarga e’tibor qaratish kerakligini uqtiradi. Bunday e’tiborni dunyoning juda ko‘p mamlakatlari aholisi orzu qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integrasiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu bejiz emas. Zotan, ilm va izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish bo‘lmaydi.
Salohiddin ISOMIDDINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Parlament axborot markazi mas’ul xodimi