Sadir Japarov o‘z oilasi davlat ishlarida ishtirok etayotgani haqidagi gap-so‘zlarga javob berdi. Uning aytishicha, na bolalari, na boshqa yaqinlari siyosat yoki davlat tizimida ishtirok etmaydi.
So‘nggi paytlarda kripto milliarder Jastin Sanning Ala-Archa milliy bog‘iga tashrifi va unga prezidentning o‘g‘li hamrohlik qilgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Japarov bu holatni izohlab, o‘g‘li faqat tarjimon sifatida yordam berganini, davlat ishlariga aralashmaganini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u boshidanoq aniq pozisiya olgan: oldingi rahbarlar xatosini takrorlamaslik. Shu sabab u aka-ukalarini ham lavozim yoki davlat idoralariga yaqinlashtirmasligini aytdi.
Shu bilan birga, u akasi Sabir bilan bog‘liq mojaroga ham to‘xtaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning oltin quymalari bilan tushgan surati tarqalgan. Prezident bu holatni xato deb baholab, surat Turkiyadagi zavodda olinganini va noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi.