Karlson bu haqda o‘zining YouTube kanalida gapirgan. U Ukrainada korrupsiya darajasi yuqori ekanini ta’kidlab, yadroviy qurol ham nazoratdan chiqib ketishi mumkinligini da’vo qilgan.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh Ukrainadan yadroviy quroldan voz kechishni talab qilgan sabablardan biri bo‘lgan.
Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Ukraina hududida dunyodagi eng yirik yadroviy arsenallardan biri qolgan edi. 1994 yilda Ukraina Budapesht memorandumini imzolab, yadroviy quroldan voz kechdi.
Kiyev evaziga hujjatni imzolagan davlatlar, jumladan AQSh tomonidan xavfsizlik bo‘yicha muayyan majburiyatlar olgan.
So‘nggi yillarda Ukrainada mamlakatning yadroviy maqomidan voz kechgani haqida turli bayonotlar yangragan. 2022 yil fevral oyida Vladimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Budapesht memorandumi bo‘yicha xavfsizlik kafolatlari masalasini qayta ko‘rib chiqish mumkinligini aytgan.
Rossiya TIV vakillari esa Ukrainada yadroviy maqomni tiklash ehtimoli haqidagi bayonotlarga jiddiy munosabatda bo‘lish zarurligini bildirib kelgan.