Tailand Moliya vazirligi turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatdan chiqayotgan fuqarolar va sayyohlardan 1 000 bat (qariyb 30 dollar) miqdorida soliq undirish rejasini kechiktirishga qaror qildi. Bu haqda The Nation Thailand xabar berdi.
Moliya vaziri Ekniti Nititxanprapasning ta’kidlashicha, vazirlik yaqin kelajakda yangi yig‘im joriy etmaslikka qaror qilgan. Chunki qo‘shimcha xarajatlar turizm sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Rasmiylar yilning to‘rtinchi choragida ham sayyohlar oqimini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Chiqish solig‘ini joriy etish kechiktirilishining yana bir sababi Yaqin Sharqdagi mojaro fonida energiya narxlarining oshishidir. Bu aviakompaniyalar va sayohatchilarning xarajatlarini yanada ko‘paytirishi mumkin. Avvalroq Tailand hukumati fuqaroligidan qat’i nazar, xorijga uchadigan yo‘lovchilardan 1 000 bat (29,7 dollar) miqdorida soliq undirishni taklif qilgandi. Ushbu yig‘imni aviachiptalar narxiga kiritish rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30 sentyabrda boshlangan va 29 oktyabrda yakunlanishi rejalashtirilgan. Moliya vazirligi kechiktirish Tailandga kirayotgan sayyohlardan 450 bat (taxminan 13,3 dollar) miqdorida yig‘im undirish taklifga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
Avvalroq, Tailandga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining elektron viza arizalari amalda o‘rtacha 15 kunda tasdiqlanayotgani ma’lum qilngandi. Elektron viza olish uchun topshirilgan arizalarni ko‘rib chiqish muddati 10 kundan oshmasligi belgilangan. Biroq amalda vizani tasdiqlash haqidagi xabar yig‘im to‘langanidan keyin o‘rtacha 15 kun ichida ariza beruvchining elektron pochtasiga yuborilmoqda.