AQSh prezidenti Donald Trampning falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish va sektorni bosib olish rejasi "oxir-oqibat barbod bo‘ladigan og‘ir jinoyatdir". Suriyaning yangi prezidenti Ahmad ash-Shar’a shunday fikr bildirdi.
Ilgari Tramp AQSh G‘azoning urushdan vayron bo‘lgan sektorini egallab olishi va falastinliklar boshqa joylarga ko‘chirilgandan so‘ng uni iqtisodiy jihatdan rivojlantirishi haqida bayonot bergan edi.
Britaniya podkastiga bergan intervyusida ash-Shar’a Trampning taklifi muvaffaqiyatga erishmasligini ta’kidladi: "Mening fikrimcha, hech qanday kuch odamlarni o‘z yerlaridan haydab chiqara olmaydi. Ko‘plab davlatlar bunga urinib ko‘rdi va ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ayniqsa so‘nggi bir yarim yil ichida G‘azodagi urush paytida."
Ash-Shar’a "80 yillik bu mojaro davomida ularni siqib chiqarishga bo‘lgan barcha urinishlar barbod bo‘lganini, ketganlar o‘z qaroridan afsuslanganini" aytdi. Har bir avlod o‘zlashtirgan Falastin sabog‘i o‘z yerini saqlab qolish muhimligidadir."