Bugun 4 may, 2026 yil, dushanba

КИР

Superliga. Ikki qizil kartochka ko‘rsatilgan o‘yinda «Qo‘qon-1912» «Bunyodkor»ni taslim etdi, «Paxtakor» Termizda so‘nggi daqiqada gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

Superliga. Ikki qizil kartochka ko‘rsatilgan o‘yinda «Qo‘qon-1912» «Bunyodkor»ni taslim etdi, «Paxtakor» Termizda so‘nggi daqiqada gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

O‘zbekiston Superligasining 11-turidan o‘rin olgan «Qo‘qon-1912» — «Bunyodkor» va «Surxon» — «Paxtakor» uchrashuvlari yakunlandi.

«Qo‘qon-1912» — «Bunyodkor»
Qo‘qon shahridagi «Markaziy» stadionida «Qo‘qon-1912» Toshkentning «Bunyodkor» jamoasini qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alabaga erishdi.

Uchrashuv keskin kurash va xavfli vaziyatlarga boy bo‘ldi. 21-daqiqada maydon egalari safidagi himoyachi Jasur Yoqubov to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani va bu orqali raqib jamoa hujumchisining birga-bir vaziyatga chiqib borishiga halaqit bergani uchun maydondan chetlatildi. Shunga qaramasdan 35-daqiqada «Qo‘qon-1912» futbolchisi Muhammadanas Hasanov chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi va chiroyli gol muallifiga aylandi.

Ikkinchi bo‘limda «Bunyodkor» vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi. Birinchi bo‘lim oxirida sariq kartochka olgan Nosirjon Abdusalomovga 49-daqiqada raqibiga ishlatgan qo‘polligi uchun qizil kartochka ko‘rsatildi. Uchrashuv yakuniga qadar darvozalar boshqa ishg‘ol etilmadi.

Ushbu natijadan so‘ng «Qo‘qon-1912» 11 ochko bilan turnir jadvalining 14-pog‘onasiga ko‘tarildi. «Bunyodkor» esa 19 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda.

O‘zbekiston Superligasi, 11-tur
«Qo‘qon-1912» — «Bunyodkor» 1:0
Gol: 1:0 — Muhammadanas Hasanov (36)
Chetlatish: Jasurbek Yoqubov («Qo‘qon-1912», 21-daqiqa), Nosirjon Abdusalomov («Bunyodkor», 49-daqiqa)

«Surxon» — «Paxtakor»
Termiz shahridagi «Surxon» arenada «Surxon» klubi Toshkentning «Paxtakor» jamoasini qabul qildi va 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Uchrashuvda «Paxtakor» katta ustunlikka ega bo‘ldi, biroq hisob 42-daqiqada Sunnatillo Abdullajonov tomonidan ochildi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar vaziyatni bartaraf etish uchun hujumlar sonini oshirdi. 90+1-daqiqada Shahzod Azmiddinov gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Ushbu natijadan so‘ng «Surxon» 12 ochko bilan turnir jadvalining 12-pog‘onasida bormoqda. «Paxtakor» esa 26 ochko bilan 2-o‘rinda qoldi. «Sherlar» «Neftchi»ning ochko yo‘qotishidan unumli foydalana olmadi.

11-tur uchrashuvlari yakuniga yetganidan so‘ng, Superligada uzoq muddatli tanaffus yuzaga keladi. Turnir 2026-yilgi Jahon chempionatidan so‘ng davom ettiriladi.

«Surxon» 12-tur doirasida «Andijon» maydoniga safar qiladi, «Paxtakor» esa «Lokomotiv» bilan bahs yuritadi.

O‘zbekiston Superligasi, 11-tur
«Surxon» — «Paxtakor» 1:1
Gollar: 1:0 — Abdullajonov (42), 1:1 — Azmiddinov (90+1)

Kiritildi: 23:41 03.05.2026. O'qildi: 174 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!