O‘zbekistonda jarima balli 12 ballga yetgan birinchi haydovchi guvohnomasidan ayrilish arafasida turibdi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
“12,5 ball to‘plagan ekanman. 12 ballik tizim borligiga ishonmasdim. YHXBga chaqirishdi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ballik tizim ishlashiga ishonch hosil qildim. Mening ishim endi sud orqali ko‘rib chiqilarkan. Haydovchilik guvohnomam “reshat” bo‘lishi mumkin”, degan u.
YHXX ma’lumotiga ko‘ra, bu shaxs Surxondaryo viloyatida istiqomat qiladi.
Hozirda respublika bo‘yicha 11 nafar haydovchi hisobidan 8-10 oraliqda jarima ballari bor. Ularning 5 nafari Toshkent shahri, 3 nafari Surxondaryo viloyatidan. Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida bunday qoidabuzarlar soni hozircha bir nafardan.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil ichida jarima ballari 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.