Bugun 3 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

Yaponiya yana Rossiya neftini sotib oldi

Yaponiya yana Rossiya neftini sotib oldi

Erondagi urush global energiya ta’minotini izdan chiqarib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgach, Yaponiya ilk bor Rossiyadan xom neft sotib oldi. Bu haqda mamlakat Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligiga tayanib The Moscow Times xabar berdi.

Yaponiya 2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlangach, Rossiya neftini sotib olishni deyarli to‘xtatgandi. Biroq mamlakat vaqti-vaqti bilan importni davom ettirdi, oxirgi marta 2025 yil yozda xarid amalga oshirilgandi.

Hozirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgani sababli jahon iqtisodiyoti qiyin ahvolga tushib qolgan. Shu sababli Tokio hukumati muqobil energiya manbalarini qidirishga majbur bo‘lmoqda. Mainichi gazetasining yozishicha, Yaponiyaning Taiyo Oil neftni qayta ishlash kompaniyasi Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Saxalin-2 loyihasi orqali yukni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Ushbu loyihaning aksiyadori Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidir. Shuningdek, Yaponiyaning Mitsui va Mitsubishi savdo uylari ham bunda ozchilik ulushiga ega. Xabarda aytilishicha, yuk Yaponiya g‘arbidagi Ehime prefekturasida joylashgan terminalga yetib kelishi kutilmoqda.

Saxalin-2 loyihasidan neft sotish bo‘yicha AQSh tomonidan berilgan ruxsatnoma muddati iyun oyida tugaydi. Ushbu loyiha asosan suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaradi.

Yaponiya Yaqin Sharqdan keladigan neft o‘rnini qoplash uchun boshqa choralarni ham ko‘rmoqda. Xususan, blokadaga tushgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tadigan AQSh va boshqa eksportchi davlatlardan import hajmini oshirgan.

Yaponiya 2025 yilda o‘ziga kerakli xom neftning 94 foizini Yaqin Sharqdan import qilgan. Mart oyida, AQSh sanksiyalarni yechgani haqida qaror chiqargach, Tokio Rossiya neftini sotib olishni ko‘rib chiqishini ma’lum qilgandi.

Global ta’minotdagi uzilishlar fonida boshqa bir qator Osiyo davlatlari ham Rossiya neftini sotib olishni boshladi. Bular orasida Filippin, Indoneziya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar bor.

Kiritildi: Bugun 15:35. O'qildi: 333 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!