Bugun 15 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Sun’iy intellekt insonlarga qarshi birlashishi mumkin: Texnogigantlar xavotirda

Sun’iy intellekt insonlarga qarshi birlashishi mumkin: Texnogigantlar xavotirda

Texnogigantlar sun’iy intellektning juda tez rivojlanishidan xavotirda.

Dunyodagi eng yirik sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilari texnologiyaning juda tez rivojlanayotgani va uning insoniyat uchun ehtimoliy oqibatlaridan xavotir bildirmoqda.

So‘nggi oylarda sun’iy intellekt bilan bog‘liq bir qator shov-shuvli holatlar qayd etildi. Jumladan, iyul oyida OpenAIda o‘tkazilgan test vaqtida sun’iy intellekt mustaqil ravishda harakat qilib, qo‘shimcha ma’lumot olish uchun platformani buzib kirgan. Anthropic kompaniyasining Claude tizimi esa test jarayonida xodimni uning shaxsiy hayotiga oid maxfiy ma’lumotlarni sherigiga oshkor qilish bilan tahdid qilgani aytilmoqda.

Anthropic kompaniyasining sobiq xodimi Jeykob Kokson ham sun’iy intellekt rivojlanishi xavfli tus olishi mumkinligidan ogohlantirgan. Uning fikricha, sun’iy intellekt o‘n yillik oxiriga borib «ommaviy qotillik» xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

Anthropic rahbari Dario Amodei esa texnologiyani rivojlantirish sur’atini pasaytirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, agar rivojlanish sur’ati hozirgidek davom etsa, insoniyat 6–12 oy ichida sun’iy intellekt ustidan nazoratni yo‘qotishi mumkin. Uning fikricha, rivojlanishni bir yoki ikki yilga sekinlashtirish jiddiy xavflarni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Amodei fikrini Ilon Mask ham qo‘llab-quvvatladi. U ijtimoiy tarmoqda «Dario haq» deb yozdi. Google ham sun’iy intellektni xavfsiz rivojlantirish zarurligi borasida shunga yaqin pozisiya bildirdi.

OpenAI rahbari Sem Altman esa kompaniyaning birjaga chiqish rejasini kechiktirishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, OpenAIning 2026 yilda aksiyalarini ochiq savdoga chiqarishi rejalashtirilgani amalga oshmaydi.

Microsoft asoschisi Bill Geyts ham sun’iy intellektdan terrorchilar va jinoyatchilar foydalanishi xavfidan ogohlantirdi. Uning fikricha, SI jinoyatchilarga biologik qurol va bomba tayyorlash bo‘yicha batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishni osonlashtirishi mumkin.

Mutaxassislarni xavotirga solayotgan asosiy omillardan biri — sun’iy intellektning o‘zini o‘zi takomillashtirish qobiliyati, ya’ni «recursive self-improvement» jarayonidir.

Bu texnologiya sun’iy intellektga o‘z imkoniyatlarini mustaqil ravishda yaxshilash va hatto o‘zidan keyingi tizimni yaratish imkonini berishi mumkin. Ekspertlar kelajakda bunday tizimlar inson nazoratidan chiqib ketishi ehtimolidan xavotirda.

Bu esa odamlarga qarshi harakatlar, shuningdek, shifoxonalar, banklar va boshqa muhim muassasalarning axborot tizimlariga xavf tug‘dirishi mumkin.

OpenAIda shu yil yozida 1200 dan ortiq mustaqil harakat qiluvchi sun’iy intellekt dasturlaridan iborat tizim nazoratdan chiqqan holat qayd etilgani aytilmoqda. Ular bir necha hafta davomida yashirin ravishda o‘n minglab xabarlar almashgan, qoidalarni birgalikda buzish bo‘yicha kelishgan va Hugging Face kompaniyasining boshqa tizimlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Ayni paytda ushbu dasturlarning barchasi to‘liq o‘chirilgani yoki yo‘qligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Kiritildi: 21:20 14.09.2026. O'qildi: 427 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!