Zamonaviy sun’iy intellekt modellari intellektual salohiyat bo‘yicha yetakchi olimlardan o‘zib ketmoqda va ofislardagi ko‘plab vazifalarni mustaqil bajarishga qodir. Bu haqda Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan xalqaro energetika konferensiyasida OpenAI rahbari Sem Altman ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi bir yil ichida sun’iy intellekt imkoniyatlari keskin darajada o‘sdi:
«Joriy yilning boshida SI asosan eng aqlli olimlarimizdan ortda qolayotgan edi, endi esa aksariyat holatlarda ulardan ustun kelmoqda», — dedi Altman.
U, shuningdek, neyrotarmoqlar ilgari faqat insonlar tomonidan bajarilgan ofis topshiriqlarining salmoqli qismini o‘ziga olayotganini qayd etdi. Shunga qaramay, OpenAI rahbari texnologiyalar rivojlanishi insoniyat o‘rniga qaror qabul qilish huquqini SIga topshirishga olib kelmasligi kerakligini uqtirdi. Uning fikricha, SI insonlar uchun yaratilgan vosita bo‘lishi va ularga xizmat qilishi shart.
Energiya tanqisligi va yangi hamkorliklar
Sohaning keyingi rivojlanishidagi asosiy to‘siq sifatida Altman hisoblash infratuzilmasining elektr energiyasiga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini ko‘rsatdi.
Shuningdek, u Birlashgan Arab Amirliklari yoshlarining qariyb 80 foizi har hafta ChatGPT xizmatidan foydalanishini ma’lum qildi. Konferensiya doirasida OpenAI BAAning G42 texnologik kompaniyasi hamda ADNOC davlat neft-gaz korporasiyasi bilan hamkorlikni e’lon qildi. Mazkur hamkorlik doirasida ADNOC global miqyosda OpenAI’ning ilg‘or modellarini amaliyotga joriy etadigan birinchi energetika kompaniyasiga aylanadi.