Bugun 3 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Buxoroda jangovar qurol va porox saqlagan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda jangovar qurol va porox saqlagan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Buxoro shahrida yashovchi M.X. o‘z xonadonida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan jangovar va ov qurollari, porox hamda patronlarni yashirincha saqlab kelayotgani aniqlandi. U uzoq yillardan buyon ovchilik bilan shug‘ullanib keladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudi sudyasi Ubaydulla Allayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, muqaddam sudlanmagan, uyida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ushbu fuqaro haqida huquq-tartibot organlariga tezkor ma’lumot kelib tushgan. Mazkur murojaat asosida uning xonadonida kechiktirib bo‘lmas ko‘zdan kechirish tadbiri o‘tkazildi.

Uy egalari dastlab xonadonda hech qanday taqiqlangan narsa yo‘qligini ta’kidlashgan bo‘lsa-da, xolislar ishtirokida mehmonxona yerto‘lasi tekshirilganda, haqiqiy xavfli ombor borligi fosh etilgan.

U yerdan 1952 yilda Zlatoust shahrida ishlab chiqarilgan, otishga yaroqli 16 kalibrli «ZK» rusumli ov miltig‘i, og‘irligi 1 kilogrammga yaqin portlovchi modda (trotil va piroksilin asosidagi reaktiv tutunsiz poroxlar) hamda to‘pponcha va o‘nlab jangovar patronlar topildi.

Sud jarayonida ayblanuvchi ushbu xavfli «arsenal» unga bundan 23 yil avval vafot etgan otasidan qolgan «meros» ekanini bildirgani. Uning so‘zlariga ko‘ra, yerto‘lani tozalayotganda bu buyumlarni topib olgan va «o‘zim ham ovchiman, kun kelib asqotadi» degan xayolda ichki ishlar organlariga topshirmasdan, yashirib kelgan. Sudlanuvchining turmush o‘rtog‘i S.B. esa yerto‘lada bunday narsalar borligidan mutlaqo bexabar bo‘lganini aytgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan yoki topib olingan qurol va portlovchi moddalarni bir sutka ichida IIBga topshirishlari shart. M.X. esa bu talabni qo‘pol ravishda buzib, Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi (Qurol va o‘q-dorilarni qonunga xilof ravishda saqlash) bilan aybdor deb topildi.

Sud hukmiga ko‘ra, M.X.ning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi va oilaviy sharoiti hisobga olinib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, ya’ni 12 360 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Noqonuniy ashyolar esa davlat foydasiga musodara qilindi.

Kiritildi: 19:19 02.11.2026. O'qildi: 422 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!