Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi — mamlakatimiz oftalmologiyasining yetakchi muassasasi.
— 2018-2022 yillarda markaz 4,5 mln AQSh dollari qiymatidagi 145 ta yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi, — deydi muassasa direktori Azamat Yusupov. — Yurtimizda jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo‘yicha 172 turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga erishildi.
O‘tgan davr mobaynida markazning deyarli barcha filiallarida katarakta fakoemulsifikasiya, ko‘z olmasining oldi va orqa qismidagi barcha turdagi lazer jarrohlik usullari, optik kogerent tomografiya (OKT), ultratovushli biomikroskopiya (UBM) diagnostika usullari keng tatbiq qilindi.
Buning natijasida o‘tkazilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlar soni avvallari yiliga 10 000 ga yetmagan bo‘lsa, 2022 yilda 16 000 dan ortiq operasiya bajarildi.
Samarqand, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro filiallarida ilk bor keratoplastika va vitreoretinal jarrohlik usullari amaliyotga joriy etildi.
2023 yil avgust oyida Navoiy viloyati filialida ilk bor ko‘z olmasining oldi va orqa qismidagi lazer jarrohlik usullari va asoratli katarakta sun’iy ko‘z gavharini ko‘z sklerasiga tikish amaliyoti bajarildi.
Markazda respublikada yagona bo‘lgan diagnostika va davolash sifatini nazorat qilish guruhi (davolash nazorati guruhi) tashkil etilgan bo‘lib, bemorlarga ko‘rsatilgan tibbiy yordam sifatini baholaydi.
2018-2022 yillarda markaz mutaxassislarining 50 nafari Fransiya, Turkiya, Armaniston, Avstriya, Qozog‘iston, Latviya, Koreya, Rossiya, Belarus kabi davlatlarda malaka oshirdi.
Shuningdek, Rossiya, Turkiya, Isroil, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlardan kelgan 20 nafarga yaqin mutaxassislar ishtirokida 1000 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Prezidentimiz taklifiga binoan, yurtimizda ishlab chiqarilgan “Isuzu” rusumidagi avtobuslarda 13 dona mobil poliklinika tashkil etildi va 5 xil zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlandi.
Ular yordamida hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan reja asosida har hafta ehtiyojga qarab mahalliy mutaxassislar shahar va tumanlarda, ishlab chiqarish korxonalarida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.