6 iyul kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRIKSning 17-yuqori darajadagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda BRIKS davlatlari rahbarlari Indoneziyani guruhning yangi a’zosi sifatida qabul qildi. Shuningdek, yana 10 ta davlat tashkilotning hamkor davlatlari sifatida tan olindi.
«Indoneziya Respublikasini BRIKS a’zosi sifatida, shuningdek, Belarus Respublikasi, Ko‘p millatli Boliviya davlati, Qozog‘iston Respublikasi, Kuba Respublikasi, Nigeriya Federal Respublikasi, Malayziya, Tailand qirolligi, Vetnam Sosialistik Respublikasi, Uganda Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasini BRIKSning hamkor davlatlari sifatida qabul qilamiz», - deyiladi 17-BRIKS sammitining qo‘shma bayonotida.
O‘zbekiston tomoni hozircha mamlakatning ushbu tashkilot bilan aloqalari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Tinchlik va xavfsizlik hamda global boshqaruv islohoti» mavzusidagi BRIKS sessiyasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi boshqa tashkilotlarni ham isloh qilishga chaqirdi:
«BRIKS kengayishi va yangi hamkorlarning qo‘shilishi ushbu tuzilmaning zamonga moslashish salohiyatini ko‘rsatadi. Endi esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, Jahon Savdo Tashkiloti (WTO) va Ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari kabi institutlarni ham isloh qilishga ayni shu qat’iyat bilan yondashmog‘imiz zarur.
Turli manbalarga ko‘ra, hozirda 30 dan ortiq davlat BRIKSga a’zo yoki hamkor sifatida qo‘shilish istagini bildirgan.