Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi 22 soatlik parvozdan keyin Starship kosmik kemasini Texasdagi uchirish minorasiga muvaffaqiyatli qo‘ndirdi.
Starship kosmik kemasi 13 noyabr kuni SpaceX kompaniyasining Texasdagi bazasidan uchirilgandi. Kema parvoz davomida Yer atrofida 14 marta aylanib, orbitaga 26 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini olib chiqqan. Shundan so‘ng u Texasdagi start maydonchasiga qaytgan va u yerda mexanik manipulyatorlar yordamida tutib olingan.
Ammo SpaceX bu safar raketaning quyi qismini, ya’ni Super Heavy tezlatgichini asrab qola olmadi. Tezlatgichning dvigatellari Yerga qaytishda juda erta o‘chgan, shundan keyin tizim avtomatik ravishda uni suv tomon yo‘naltirgan. U Meksika ko‘rfazi ustida portlagan.
Raketa butun qaytarilishi undan keyingi parvozlarda foydalanish imkonini beradi. Bu esa tez va arzon qayta foydalanish uchun juda muhimdir. SpaceX oldingi uchta urinishda raketaning quyi qismini tutib olgandi. Yuqori qismi esa doim okeanga yo‘naltirilar va cho‘ktirilar edi.
SpaceX uzoq vaqtdan beri qayta foydalanishga to‘liq yaroqli raketa yaratishga intilmoqda. Falcon 9 raketasida tezlatgichni qayta ishlatish mumkin. Ushbu raketa yiliga 100 martadan ortiq uchiriladi va busterlardan qayta foydalanish xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Starship'ning muvaffaqiyatlari NASA'ning 2028 yilda Oyga odam qo‘ndirish rejalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.