Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy moliyaviy operasiyalar va internet orqali firibgarlik bilan shug‘ullangani gumon qilinayotgan ikki guruh aniqlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, ularning faoliyatiga jami 72 nafar shaxs aloqador bo‘lgan.
Gumonlanuvchilarning 52 nafari noqonuniy onlayn kazino va bukmekerlik xizmatlari orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalariga daxldor ekani aytilmoqda.
Yana 20 nafar shaxs esa ijtimoiy tarmoqlarda ayollar nomidan soxta sahifalar ochib, erkaklarni aldash yo‘li bilan ulardan mablag‘ undirishda gumonlanmoqda.
Tezkor tadbirlar davomida o‘tkazilgan tintuvlarda 110 ming AQSh dollari naqd pul, 95 ta noutbuk, 330 ta mobil telefon hamda 3 ta Starlink antennasi olib qo‘yilgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar tomonidan 576 ming dollarlik kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgani ma’lum qilindi.