🌨 Yurtimizda sovuq kunlar davom etmoqda. Yon-atrof oppoq qorga burkangan. Prognozlarga ko‘ra, sovuq harorat yana bir necha kun saqlanib qolishi mumkin.
❓ Xo‘sh, bunday ob-havo sharoitida salomatlikni asrash bilan bog‘liq qanday tavsiyalarga amalga qilish lozim?
➡️ Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Akmal Rahmatullayev shu haqda ma’lumot berdi.
💬 — Sovuq kunlarda, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari bor bemorlar o‘z sog‘lig‘iga yanada e’tiborli bo‘lishlari kerak, — deydi mutaxassis. — Chunki bunday paytda organizm issiqlikni saqlab qolish uchun qon tomirlarini toraytiradi. Oqibatda qon bosimi oshishi kuzatiladi.
🫀 Bundan ko‘proq gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi.
🔬 Shu bilan birga, bu faslda kamroq suv ichilishi hisobiga qon nisbatan quyuqlashadi. Jismoniy harakat kamayishi, ko‘proq tuzli, yog‘li ovqatlar iste’mol qilinishi, tanada D vitamini yetishmovchiligi kuzatilishi qon tomirlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
💊 Binobarin, bronx va o‘pka xastaliklari, xususan, bronxial astmaga chalingan bemorlarda kasallikning faol davridagi asoratlar zo‘rayadi. Shu sababli bunday insonlar shifokor tavsiyasi bilan yonida doimiy ichib yuradigan dorilarini olib yurishi shart.
🧥 Qolaversa, sovuq harorat teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ko‘chaga qalin kiyinib chiqish lozim.
🧤 Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi, bo‘yindagi tomirlar bosh miyani qon bilan ta’minlaydi.
🍾 Bunday ob-havo sharoitida alkogol va tamaki iste’mol qilishdan voz kechgan ma’qul. Boisi bu zararli odatlar qon tomirlarini keskin toraytirib, qo‘l va oyoqning qisqa muddatda muzlashiga sabab bo‘lishi mumkin.
🧴 Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu sababli ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmaslik kerak.
‼️ Sovuq kunlari ertalab, albatta, nonushta qilish zarur. Och qolish tananing tez muzlashi va immunitet zaiflashishiga sabab bo‘ladi.