Bugun 17 mart, 2026 yil, seshanba

КИР

Soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshsa — elektrga to‘lov cheklanishi mumkin

Soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshsa — elektrga to‘lov cheklanishi mumkin

Joriy yilning 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida tajriba tariqasida yangi tartib joriy etiladi: jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzi 1 million so‘mdan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish vaqtincha cheklanadi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu chora “Soliq billing” avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi va fuqarolarga bosqichma-bosqich ogohlantirish yuboriladi.

Avvalo soliq hisoblangani haqida xabarnoma, so‘ng SMS orqali eslatma yuboriladi. Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasi yoki my.gov.uz shaxsiy kabineti orqali ham ma’lumot yetkaziladi. Keyingi bosqichda esa elektr to‘lovi cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantirish beriladi.

Muhimi, qarzdorlikka qaramay elektr o‘chirilmaydi — faqat uni to‘lash imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Qarz bartaraf etilgan zahoti cheklov bekor qilinadi.

Ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga ushbu cheklov tatbiq etilmaydi. Jumladan:

— 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

— boquvchisini yo‘qotgan oilalar;

— ijtimoiy reestrga kiritilgan fuqarolar;

— qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.

Hozirda Namanganda 1 mln so‘mdan ortiq soliq qarziga ega 45,8 ming nafar fuqaro mavjud bo‘lib, bu jami soliq to‘lovchilarning 8 foizini tashkil qiladi.

Mazkur tartib 2026 yil 1 oktyabrgacha sinovdan o‘tkaziladi. Uning natijalariga qarab, tizimni boshqa hududlarda joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tiladi, 1 mln so‘mdan ortiq soliq qarzi sud orqali undirilishi ham mumkin bo‘lib, bu qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘ladi.

Kiritildi: Bugun 20:29. O'qildi: 351 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!