Slovakiya Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etish uchun Yevropa Ittifoqining maxsus vakilini tayinlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Yuray Blanar «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Biz bu g‘oyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va boshidanoq uning tarafdori bo‘lib kelganmiz», — dedi Blanar.
Uning ta’kidlashicha, maxsus vakil nomzodi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlar hamda tinchlik tashabbuslarini ilgari surayotgan davlatlar uchun maqbul bo‘lishi kerak.
Slovakiya TIV rahbari Ukrainadagi urushni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi haqidagi mamlakat hukumati pozisiyasini yana bir bor ta’kidladi. U Yevropa Ittifoqini tinchlik jarayonida va Rossiya bilan muloqotda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.