Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida futbol maydonida mashinasini qasddan bir guruh odamlar orasida keskin boshqarib, ularni bosib ketishga harakat qilgan haydovchiga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Voqea 29 may kuni soat 18:00 larda sodir bo‘lgan. Voqea davomida u 2 nafar shaxsni turtib yuborgan. Holat o‘rganilib, avtomashina haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, ushbu shaxs muqaddam ham xuddi shu modda bilan sudlangan. Mazkur sudda jabrlanganlar undan da’vosi yo‘qligini bildirgan.
«Ikkinchi aylangan vaqtimda mashinamning burchagi o‘zim xohlamagan holda o‘rtog‘im edimi — bir bolaga tegib ketdi. Keyin shuncha voqea bo‘ldi, tavakkal dedim-da, stadion darvozasiga qarab haydadim. O‘sha orada mashinani toshbo‘ron qilishdi. Chiqib, uyimga ketdim. Hammadan uzr so‘rayman. Tavba qildim. Oxirgi imkoniyat berishingizni so‘rayman», — dedi haydovchi.
Sayxunobod tumani sudi hukmi bilan, unga nisbatan 4 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.