Dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini birlashtiruvchi nufuzli Grand Chess Tour musobaqasining 11-mavsumi boshlanish arafasida. Mavsum an’anaga ko‘ra Polsha poytaxti Varshava shahri mezbonlik qiladigan rapid va blis turniri bilan boshlanadi.
Ushbu nufuzli musobaqada amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju hamda chempionlik uchun rasmiy da’vogar, o‘zbekistonlik Javohir Sindarov ham ishtirok etadi. Turnir formatiga ko‘ra ikki shaxmatchi o‘zaro 3 marta (1 ta rapid va 2 ta blis) o‘yin o‘tkazadi.
2026 yilgi Super rapid/blis turnirining to‘liq tarkibi:
Javohir Sindarov (O‘zbekiston)
Gukesh Dommaraju (Hindiston)
Alireza Firuzja (Fransiya)
Xans Niman (AQSh)
Fabiano Karuana (AQSh)
Vladimir Fedoseev (Sloveniya)
Maksim VashYE-Lagrav (Fransiya)
Yan-Kshishtof Duda (Polsha)
Radoslav Voytashek (Polsha)
Uesli So (AQSh)
3 maydan 10 mayga qadar bo‘lib o‘tadigan ushbu musobaqa jami 200 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasiga ega. Turnir doirasida shaxmat muxlislari 7 kun davomida 135 ta shiddatli o‘yin guvohi bo‘lishadi:
Rapid: 9 ta turdan iborat bahslar
Blis: 18 ta turdan iborat ikki davrali marafon
Musobaqada Grand Chess Tour’ning 5 nafar doimiy ishtirokchisi hamda 5 nafar maxsus taklif etilgan (wildcard) grossmeysterlar dona suradi. Sindarov ushbu turnirga aynan wildcard orqali taklif etilgan.
2026-yilgi mavsum reglamenti: yangi qoidalar va grand final
Joriy yilgi Grand Chess Tour mavsumi nafaqat kuchli tarkibi, balki qat’iy tartib-qoidalari bilan ham ajralib turadi. Mavsum davomida jami 9 nafar asosiy ishtirokchi tanlab olingan. Har bir o‘yinchi ikkita klassik turnirda hamda mavjud uchta rapid va blis turnirlaridan ikkitasida qatnashishi shart. Muntazam mavsum yakuniga ko‘ra eng ko‘p ochko to‘plagan kuchli to‘rtlik dekabr oyida o‘tkaziladigan grand finalga yo‘llanma oladi. Finalning mukofot jamg‘armasi esa 450 000 AQSh dollarini tashkil etadi.
G‘oliblik uchun kurashni qiziqarli o‘tkazish maqsadida ochkolar quyidagicha taqsimlanadi:
1-o‘rin: 12 ochko (agar tay-breyksiz, sof g‘alaba qayd etilsa – 13 ochko).
2-o‘rin: 10 ochko.
10-o‘rin: 1 ochko.
O‘yin davomidagi tartib-qoidalar:
Durang taklif qilish taqiqlanadi: Kurashuvchanlikni oshirish maqsadida o‘yinchilarga o‘zaro durang taklif qilish yoki kelishish qat’iyan man etiladi. Durang faqat hakam nazorati ostida 3 marta takrorlanish yoki 50 ta yurish qoidasi asosida qayd etilishi mumkin.
Kechikish uchun jazo: Klassik o‘yinda 10 daqiqa, rapid va blisda esa 3 daqiqadan ko‘p kechikkan ishtirokchiga texnik mag‘lubiyat yoziladi.
Donalarga e’tiborsizlik: Agar o‘yinchi dona surayotganda boshqa birini ag‘darib yuborsa va ularni o‘z vaqtida joyiga qo‘ymasa, hakam tomonidan ogohlantiriladi. Uchinchi marta bunday holat takrorlansa, o‘yinchi mag‘lub deb topiladi.
Mukofot jamg‘armasi:
Har bir rapid/blis turniri uchun: 200 000 AQSh dollari (1-o‘rin uchun 50 000 dollar)
Har bir klassik turnir uchun: 350 000 AQSh dollari (1-o‘rin uchun 100 000 dollar)
Grand final uchun: 450 000 AQSh dollari (G‘olib uchun 200 000 dollar)