Xitoy raisi Si Szinpin Vashingtonga rejalashtirilayotgan tashrifi davomida unga hamrohlik qilish uchun yirik biznes delegasiyasini tayyorlamoqda. Bu haqda Reuters ikki manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, bu Si Szinpin uchun noodatiy qadam hisoblanadi. Xitoy rahbari xorijiy safarlarida korporativ kompaniyalar rahbarlari bilan kamdan-kam birga harakat qiladi.
Manbalarning ta’kidlashicha, Xitoy biznes vakillarining AQShga tashrifda ishtirok etishi Vashingtonning Xitoy investisiyalariga nisbatan shubhalari kuchaygan bir paytda Pekin uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu tashrif Xitoy kompaniyalarining AQShga investisiyalarini jalb qilish uchun imkoniyat sifatida qaralmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning xususiy sektor bilan munosabatlari so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgargan. Pekin 2020 yildan boshlab texnologiya, ta’lim va ko‘chmas mulk sohalarida tartibga solish choralarini kuchaytirgan.
Manbalar sammit asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lishini va uning asosiy natijalari cheklangan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.