Bugun 28 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Shukrona — mustaqillik, ilm va yoshlar

Shukrona — mustaqillik, ilm va yoshlar

Shukrona — bu yurakning eng samimiy, eng pok tuyg‘ularidan biridir. Bu — sovuq faktlar, telegramma tarzidagi minnatdorlik emas, balki ruhdagi iliqlik, qalbdan chiqqan tabassum, atrofdagi go‘zallikka doimiy rahmat aytishdir. Ayniqsa mustaqil Vatan bayrog‘i osilgan bugungi kunlarda, o‘ylab ko‘ring: Vatanimizni bizga atalgan eng buyuk ne’matlardan biri deb hisoblasa bo‘ladi. Bugun biz, mustaqil yurt farzandlari sifatida, aynan shu ne’matdan minnatdor bo‘lishimiz zarur. Zo‘r sharoitlar — bilim makonlari, ta’lim va ma’rifat dargohlari — buni yanada kuchliroq his qilishga undaydi.

Shubhasiz, bugungi Yangi O‘zbekistonimizning bebaho xazinasi bu — yoshlar. “Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman.” - davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning mazkur baralla yangragan gaplari biz yoshlarga ertangi kunimizga shamchiroq bo‘ldi. Bu nafaqat so‘z emas; bu — haqqoniy baho. Yoshlarning g‘ayrat-shijoati, ilmga intilishi, mehnatga sadoqati — mamlakat taraqqiyotining asosi. Prezidentimiz Uchinchi Renessans poydevorini aynan yoshlar bilan mustahkamlash, ularni asosiy kuch sifatida ko‘rish tarafdori ekanini barcha nutqlarida ta’kidlaydi. Ayniqsa, “Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz.” – deya aytgan so‘zlari mustaqil yurtimiznning buyuk yurishini aynan yoshlar bilan amalga oshirilishidan dalolat edi. Ha, bugun bizda ko‘plab imkoniyatlar mavjud — Prezident maktablari, ijod maktablari, Yangi O‘zbekiston universiteti, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali dunyoning yetakchi oliygohlarda o‘qish imkoniyatining yaratilishi — bularning barchasi ushbu g‘oyaning yorqin misolidir.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Xususan, 2023 yilda Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Agentlikning asosiy maqsadlari – aholining ehtiyojmand qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan oilalarga davlat xizmatlarini tezkor va samarali ko‘rsatish; “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatini boshqarish va takomillashtirish; davlatning ijtimoiy siyosatini yagona markaz orqali muvofiqlashtirish; har bir fuqaroning individual muammosini o‘rganib, unga mos yordam choralarini belgilash. “Yangi ijtimoiy siyosatning markazida inson turadi. Har bir fuqaro davlat himoyasida bo‘lishi kerak. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.” – deydi Prezident SH.M.Mirziyoyev. Agentlik zamonaviy axborot tizimlariga asoslangan holda, aholining ijtimoiy holatini aniqlash va nazorat qilish, moddiy yordam turlarini adolatli taqsimlash, ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirish imkonini beradi. Endilikda insonlarning turli idoralarga sarson bo‘lishiga chek qo‘yilib, barcha xizmatlar “bir darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, Agentlikning hududiy bo‘linmalari orqali mamlakatning barcha tuman va shaharlarida fuqarolarga tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Bu esa aholiga yaqin bo‘lish, ularning dardini eshitish va muammosini joyida hal etishga xizmat qiladi. Ushbu amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida aholining turmush tarzini farovon qilish, ularning roziligini olish, birdamlikka chorlash, mustaqil Vatanimizning ertangi istiqbolini birgadikda barpo etish, yoshlarimizni dunyo bilan bellasha oladigan, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan kuchli va shijoatli aql-zakovati, kuch-g‘ayratini olamga namoyon eta oladigan avlodlarni tarbiyalash yotadi.

Yurtboshimiz SH.Mirziyoyev o‘z nutqida shunday deydi: “Bizning kuchimiz — birlik va ahillikda, qudratimiz — Vatanga mehrda, yutug‘imiz — o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizda!” Shukrona — bu birlik orqali, bir-birimizga ishonib yashashdagi baraka. Shukrona — bizning eng buyuk kuchimizdir. Bugun bizning qarshimizda yirik imkoniyatlar, keng resurslar, va eng muhimi — katta ishonch va dadil harakatlar bor. Bularni qadrlash — shukrona. Yoshlar, Ona Vatan, ilm, bir o‘tmishdagi ma’rifatchilar merosi, mustaqillik shukronasi — bular barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Kelajakni birgalikda barpo etish uchun berilgan imkoniyatlarga minnatdor bo‘lish — bu haqiqiy Vatanparvarlikning o‘z ifodasidir.

Shoxzodjon Otamurodov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoiy odil sudlov fakulteti tyutori

Kiritildi: 14:57 25.08.2025. O'qildi: 375 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!