"Yuventus" Italiya chempionati-2024/25 yilgi mavsumining so‘nggi turida safarda "Venesiya"ni mag‘lub etdi - 3:2.
Turinliklarning gollariga Kenan Yildiz, Randal Kolo-Muani va penaltini aniq amalga oshirgan Manuel Lokatelli mualliflik qildi. Mezbonlar safida Daniel Fila va Ridzesiano Xaps o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Ushbu o‘yindagi g‘alaba evaziga "Yuventus" 70 ochko bilan turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egalladi va A Seriya jamoalari orasida Chempionlar Ligasi-2025/26ga so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. "Venesiya" (29) mamlakat oliy divizionidan tushib ketdi.
Kunning parallel uchrashuvida "Roma" "Torino"ni mag‘lub etdi (2:0) va 69 ochko bilan chempionatda beshinchi o‘rinni saqlab qoldi. Shu tariqa Rim jamoasi kelasi mavsum Yevropa Ligasida ishtirok etadi. "Torino" 44 ochko bilan A Seriyada 11-o‘rinda qoldi.