Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug 21 yoshga to‘ldi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug 21 yoshga to‘ldi

Mamlakatimiz Shimoli-g‘arbiy sarhadlarini ishonchli himoya qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati aholisining tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug o‘zining 21 yoshini qarshi oldi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan bayram tantanasida so‘zga chiqqanlar harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligini tantana bilan tabriklab, fidoyi, yurtsevar, mehnatkash harbiy xizmatchilarga Vatan himoyasi yo‘lidagi mashaqqatli xizmatlarida ulkan zafarlar tiladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev harbiy xizmatchilarga yo‘llagan bayram tabrigida, jumladan: “Harbiy okrugimiz va uning shaxsiy tarkibi o‘tgan yillar davomida katta yutuqlarga erishdi hamda Prezidentimiz, xalqimiz oldida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi. Mana shunday yuksak muvaffaqiyatlarga erishishda siz kabi fidoyi va sadoqatli insonlarning o‘rni beqiyos”, deya ta’kidladi.

Darvoqe, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish davomida 1999 yil 10 fevral kuni tashkil etilgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug bugungi kunda yurtimizning shimoli-g‘arbiy sarhadlarini himoya qilishda ishonchli qalqon vazifasini o‘tamoqda.

Bugun harbiy okrug xalqimiz va armiya o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlash, armiya va xalq yakdilligini ta’minlashda ham muhim o‘rinni egallab kelmoqda. Bu borada aholining keng qatlamlari va ayniqsa yoshlar bilan ishlash, ular o‘rtasida vatanparvarlikni targ‘ib etishda okrug qo‘shinlari o‘zining munosib ulushiga ega bo‘lmoqda.

Tantana munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi rahbariyati nomidan kengash qo‘mita raisi Dovud Qurboniyozov harbiy okrug va harbiy xizmatchilarni samimiy muborakbod etdi.

Bir guruh harbiy xizmatchilar va ishchi-xizmatchilar, shuningdek, harbiy okrugda oldin xizmat qilib ketgan Qurolli Kuchlar faxriylari davlat mukofotlari, O‘zbekiston mudofaa vazirining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun” va “Namunali xizmati uchun” kabi ko‘krak nishonlari, “Vatan himoyasi – mardlar kasbi” yozuvi hamda Mudofaa vazirligi ramzlari tushurilgan esdalik sovg‘alar, harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining faxriy yorliqlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan aralash tarkibdagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari o‘rtasida 2019 yildan o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining bu yilgi final bosqichida munosib ishtirok etgan hamda harbiy okrug sharafini himoya qilgan bir guruh askarlarga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi davomida Qoraqalpog‘istonning ijodiy jamoalari hamda okrug harbiy orkestrining chiqishlari yig‘ilganlarning qalbini xush kayfiyat bilan to‘ldirdi.

 

Kiritildi: 16:37 10.02.2020. O'qildi: 3904 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!