Bugun 5 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Shernazar Abdunazarov: "O‘z ishini sevish va uni chuqur o‘rganish — muvaffaqiyat kaliti"

Shernazar Abdunazarov: "O‘z ishini sevish va uni chuqur o‘rganish — muvaffaqiyat kaliti"

Samarqand viloyati Paxtachi tumanining faxrlanishga arziydigan farzandi Shernazar Abdunazarov – bir nechta muvaffaqiyatli bizneslar ta’sischisi va boshqaruvchisi, savdo, ishlab chiqarish va energetika sohalarida samarali loyihalar amalga oshirgan ishbilarmon. Ammo u o‘z faoliyatini soliq sohasida, bugungi yoshlar nomini ham eshitmagan EHM (elektron hisoblash mashinasi) operatori lavozimidan boshlagan. Biz uning bosib o‘tgan yo‘lini hikoya qilar ekanmiz, Shernazar Abdunazarovdan muvaffaqiyat sirlari haqida so‘radik.


To‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri joyda, zarur qurollar bilan

"To‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri joyda bo‘lish muhim. Ammo to‘g‘ri bilim va ko‘nikmalar bilan shay bo‘lish undan ham muhim", — deydi Shernazar aka.

"Men maktabni a’lo baholarga bitirayotgan paytimda Toshkentda yangidan ochilgan Moliya va iqtisodiyot kollejida o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi. Aynan men maktabni bitirayotgan 1997 yilda O‘zbekiston kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dasturini qabul qildi va unga ko‘ra 9 yillik maktabdan keyin 3 yillik kasbiy ta’lim olish mumkin edi. O‘sha yili men kollejga moliya yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinganman", — deb eslaydi u.

Toshkent moliya va iqtisodiyot kollejidagi tahsili Shernazar Abdunazarovga, avvalo, o‘z kuchiga ishonish, o‘sha paytda zamonaviy hisoblangan kompyuterlarda ishlash hamda moliya sohasidagi asosiy bilimlarni egallash imkoniyatini berdi.


“Self-made” soliqchi: Paxtachi DSIdagi hujjatlar omboridan viloyat soliq boshqarmasigacha

Kollejni tamomlab, 19 yoshida Shernazar Abdunazarov Samarqand viloyati Paxtachi tumani soliq inspeksiyasiga EHM operatori sifatida ishga kiradi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan ma’lumotlar to‘plash, hujjatlarni tartibga solish, ularni kompyuterga kiritish va viloyat hamda respublika qo‘mitalariga ma’lumot yetkazish vazifalarini bajargan yosh mutaxassis ortidan statist-tahlilchi lavozimiga tayinlanadi. U yerda samarali faoliyat yuritgandan so‘ng, o‘z ustida ishlashi va qobiliyati tufayli Samarqand viloyati soliq boshqarmasiga ishga qabul qilinadi.

"Soliq boshqarmasi men uchun katta maktab bo‘ldi. Soliq inspektorligidan boshlab bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosarigacha ko‘tarildim", — deydi suhbatdoshimiz.

12 yil soliq tizimida ishlaganidan so‘ng, u go‘yoki sohada erishadigan cho‘qqilarga yetib kelganini his qiladi. Bir muddat "Agrobank" aksiyadorlik tijorat bankida ishlab, keyin esa hayotida yangi bosqichni boshlaydigan qaror qabul qiladi.


Bulvar va “Salamander”

Oliy ma’lumotli hamkasblari bilan teng ishlab, bir xil maosh olsa ham, Shernazar Abdunazarov bilim olishga, shaxsiy va kasbiy jihatdan o‘sishga intiladi. Bu intilish uni Samarqand iqtisodiyot va servis instituti iqtisodiyot fakultetiga olib keladi.

"To‘rt yil umrim go‘zal va ko‘hna Samarqand shahri bulvarida, institut auditoriyalarida, ko‘p ustozlar va hamfikr kursdoshlarim orasida o‘tdi", — deb eslaydi Shernazar aka. "Iqtisodiyot fakultetida menga buxgalteriya, hisob-kitob, soliq va moliya fanlari ayni muddao bo‘lgan. Talabalikka qaytgach, menda yangi shijoat paydo bo‘ldi va Samarqandda 'Salamander' poyabzal mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘kon ochdim. Nemis sifatini samarqandliklar oyoq kiyim madaniyatiga olib kirdim. Institutda o‘rganayotgan nazariyalarimni tushdan keyin amaliyotda qo‘llardim. Qiyinchiliklar va tavakkalchiliklar ko‘p bo‘lganiga qaramasdan, biznes menga juda yoqib qolgandi. Qiyinchiliklarni yengib o‘tishda menga 12 yillik soliqchilik tajribam, qonunchilik va hisob-kitobni yaxshi bilishim katta yordam berdi."


Davlat ishiga qaytish yoki biznes qilish o‘rtasidagi dilemma

"Savdolarimiz yaxshi bo‘lishiga qaramasdan, 'Salamander' biznesi men uchun asosiy faoliyat emas, balki xobbi yoki qo‘shimcha ishdek edi. Shuning uchun institutni bitirganimdan keyin meni tug‘ilgan tumanim — Paxtachi tumani davlat soliq inspeksiyasiga rahbarlik lavozimiga taklif qilishganda, rad etishga imkon yo‘q edi.

Ammo ortidan biznesga bo‘lgan qiziqish ustun keldi va sheriklarim bilan birga 'Lola Universal Savdo' MCHJni tashkil etib, meva, sabzavot va ko‘katlar saqlanadigan muzlatgichli ombor qurdik. Dehqon xo‘jaliklari mahsulotlarini saqlash hamda ulgurji savdo bilan shug‘ullana boshladik", — deydi Shernazar Abdunazarov.

U qurgan muzlatgichli omborxona 1,5 ming tonna sig‘imga ega bo‘lib, hududdagi eng kattalardan biri hisoblanardi va dehqon hamda fermer xo‘jaliklariga sifatli xizmat ko‘rsatardi.

2021 yilda suhbatdoshimiz o‘zini kamtarona deb ta’riflasa-da, Paxtachi tumani aholisi va mutasaddilari yuksak baholagan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.


Qurilish, energetika va qurilish materiallari sohasiga kirib kelish

"2017 yilda soliq tizimidan ketib, tadbirkorlikni boshlashimning sababi — biznesga bo‘lgan qiziqishim va, eng muhimi, O‘zbekistonda boshlangan islohotlar dasturi edi. Yangi rahbar kelgach, mamlakatda tadbirkorlik muhiti, ishbilarmonlik uchun sharoitlar ancha yaxshilandi. Shu imkoniyatdan foydalanib, avval 'Lola Universal Savdo' MCHJni, keyin esa 2022 yilda 'Jamshid Build Cluster' MCHJni tashkil etdik va keng ko‘lamli biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.

'Jamshid Build Cluster' — Rossiya va Turkmaniston bilan hamkorlikda ochilgan qo‘shma korxona bo‘lib, asosan qurilish sohasida faoliyat yuritmoqda. Korxonamiz hozirda ohak ishlab chiqarish hamda shamol generatorlari qurish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari bilan faxrlanishga sazovor."

Mahbuba Hasanova suhbatlashdi.

Kiritildi: 10:24 03.11.2025. O'qildi: 635 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!