O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin vaqtlar ichida Rossiyaga tashrif bilan borishi haqida tarqalgan xabarlar rad etildi. Bosh vazir Abdulla Aripovning matbuot xizmati vakili Bekzod Hidoyatov feysbukdagi sahifasida blogerlar tomonidan noaniq xabar tarqatilganini ma’lum qildi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi mart-aprel oylarida bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari tashrifga tayyorgarlikni muhokama qilishdi». - Blogerlar tomonidan yuqoridagi mazmunda xabarlar tarqatilmoqda. Chindan ham kecha, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Olmaota shahrida Rossiya Federasiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuvda xabarlarda aytilganidek mart-aprel oylarida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi emas, Hukumat rahbarlari darajasida Qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi muhokama qilingan», deya aniqlik kiritgan bosh vazir matbuot xizmati vakili.