Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin!
Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi.
Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibiga aylandi.
Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat ko‘rsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi g‘alabalarni ta’minlaganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman. Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi.
Yana bir mard o‘g‘lonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatib, umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.
Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov o‘g‘limizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir.
Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi.
Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoamiz qayd etgan natija ham bizni quvontiradi. Jahongir Vohidov o‘g‘lim kuchli iroda ko‘rsatib, ushbu jamoamizni sovrinli o‘rinlar sari boshladi. Ispaniya, Angliya va Niderlandiya kabi davlatlar vakillari ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar unutilmas tarixga aylandi.
Ayollar jamoamiz ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasini ko‘rsatdi. Ular AQSh jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natijadir.
Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilarimiz ham ulkan jasorat ko‘rsatib, bunday o‘yinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Selbi qizim shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz o‘g‘lim bronza medaliga sazovor bo‘lgani, Ahadxon o‘g‘lim umuman mag‘lub bo‘lmagani meni juda xursand qildi.
O‘zbekiston shaxmat federasiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda «Eng yaxshi federasiya» nominasiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilamiz.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bizga mana shunday buyuk shukuh, ulug‘ zafarlarni taqdim etgan shaxmatchi farzandlarimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!
Sizlarga hamisha porloq g‘alabalar yor bo‘lsin, aziz bolalarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti