Ular o‘z qilmishlari va to‘kilgan qonlar uchun javob berishi shart — Rajab Toyyib Erdo‘g‘an
Turkiya prezidenti bunday fikrlarni Istanbulda bo‘lib o‘tgan 21-Xalqaro savdo yarmarkasi (MÜSİAD EXPO) va 29-Xalqaro biznes forumining yopilish marosimidagi nutqida aytib o‘tdi.
"Biz global tizim qonuniylik, vakillik va adolat nuqtayi nazaridan berk ko‘chaga kirib qolgan davrni boshdan kechirmoqdamiz. Xususan, mamlakatimiz uning markazida joylashgan mintaqa tom ma’noda inqirozlar bo‘ronini boshdan kechirmoqda. Tarixda ilk bor “kuchli haq” tamoyili xalqaro munosabatlarga bunchalik chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda", — dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi Falastin, jumladan G‘azo sektoridagi vaziyatga to‘xtalib, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga qat’iy qaror qilganini bildirdi.
"O‘zini tanlangan deb hisoblaydigan va hammadan ustun qo‘yadigan bosqinchi sionistik tafakkurning asl yuzini fosh qilamiz. Ularda na rahm-shafqat, na vijdon, na axloq bor", — deya ta’kidladi u Isroilni nazarda tutib.
Shuningdek, Erdo‘g‘an genosid uchun mas’ul bo‘lganlar qonun oldida javob berishi shartligini aytdi.
"Agar genosid sodir etganlar adolatli sudga topshirilmasa, qonun va tarix oldida javob bermasa, bunday vahshiyliklar yana takrorlanadi", — dedi prezident.