Bugun e’lon qilingan jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining hukmiga muvofiq M. X. (erkak, 1971 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (er berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida va N. I. (erkak, 1987 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Sharof Rashidov tumani hokimligi qurilish, kommunikasiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sudning hukmi bilan M. X.ga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi va N. I.ga 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya/kassasiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.