O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yuqori darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi kompaniyalarning ustuvor tarmoqlardagi kooperasiyasi kengayib bormoqda.
Mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.