Ijtimoiy tarmoqlarda “Shahriston” metro bekatida metro poyezdi to‘xtab qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” AJ munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, soat 08:22 da “Shahriston” metro bekatida 69-sonli 1985 yilda ishlab chiqarilgan eski harakat tarkibida texnik nosozlik holati kuzatilgan. Nosozlik holati 6 daqiqa davom etgan.
Shundan so‘ng, yo‘lovchilar harakat tarkibidan tushirilgan holda, poyezd texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun texnik ko‘rik yo‘lagiga olib ketilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zudlik bilan zaxira harakat tarkibi yo‘nalishga chiqarilgan.
"Hozirda mazkur holat bo‘yicha tegishli texnik choralar ko‘rilgan. Yuzaga kelgan noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz", — deyiladi munosabatda