Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan yurtimizda korxona va tashkilotlar, aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatish ommalashdi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarida tabiiy gaz o‘rnida ko‘mir va boshqa yoqilg‘i turlaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishga xorijdagi yirik kompaniya va investorlar jalb qilinishi bilan birga, davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish yo‘lga qo‘yildi. Birgina joriy yilda 27 ta yirik quvvatli shunday stansiyalarni qurish belgilangan. Eng muhimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangani uchun yuridik va jismoniy shaxslarga soliq va boshqa to‘lovlardan imtiyozlar berilmoqda.
Prezident qarori bilan 2023 yilda 1147 ta issiqxona va 250 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish rejasi tasdiqlangan edi. Samarqand shahar Farhod qo‘rg‘onida faoliyat olib borayotgan “Jomboy yashil chiroqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday korxonalardan biri. Bir kecha kunduzda 700 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona shu paytgacha tabiiy gazdan foydalanib, mahsulot tayyorlayotgan edi. Endilikda zavodda ishlab chiqarish jarayoni bosqichma-bosqich tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilmoqda.
– 2020 yildan buyon ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelyapmiz, – deydi “Jomboy yashil chiroqlari” MCHJ direktori Faxriddin Jo‘rayev. – To‘liq tabiiy gazdan foydalanar edik. Davlatimiz rahbarining qarori asosida bizning korxonamiz ham ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tishi belgilangach, Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatdik.
Yilning ikkinchi choragidan ko‘mir yoqilg‘isidan foydalangan holda sement ishlab chiqarishni boshladik. Natijada joriy yilning 8 oyida 9 million kub tabiiy gazdan foydalandik va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 million kub gaz tejalishiga erishdik. Hozirda 60-70 foiz ishlab chiqarish jarayonlari ko‘mirga moslashdi. Yil yakunigacha to‘liq ushbu yoqilg‘iga o‘tamiz.
Mazkur korxonaning ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi natijasida bir yilda 20 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu kabi o‘nlab korxonalar hisobidan tejaladigan tabiiy gaz esa ushbu noyob xom ashyodan bir necha xil mahsulot ishlab chiqarish, shuningdek, aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatini yaratadi.