Rossiya va Xitoy global strategik barqarorlik bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, AQShning “Oltin gumbaz” nomli raketalarga qarshi mudofaa dasturi jiddiy beqarorlashtiruvchi xususiyatga ega.
Bayonotga ko‘ra, mazkur loyiha AQShni har qanday raketalar tahdididan himoya qilish maqsadida “hech qanday chegarasiz, global, ko‘p darajali va ko‘p sohali” PRO (raketalarga qarshi mudofaa) tizimini yaratishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, AQSh “Oltin gumbaz”ni faqat yerda emas, balki kosmik fazoda harbiy operasiyalar olib borish uchun ham ishlatishga harakat qilmoqda. “Rossiya va Xitoy ayrim davlatlarning kosmosdan qurolli to‘qnashuv maqsadida foydalanishiga qarshi chiqadi va fazoni harbiy ustunlikka erishish vositasi sifatida foydalanishga qaratilgan siyosat va faoliyatlarga qarshi kurashadi”, deyiladi Kreml saytida e’lon qilingan bayonotda.
Shu munosabat bilan, Rossiya va Xitoy kosmosda harbiy ta’sir o‘tkazishning oldini olishga qaratilgan global shartnoma yaratishni taklif qilmoqda. Ushbu kelishuv “kosmosda qurollanish poygasi”ni to‘xtatish va kosmik ob’ektlarga hujum qilish xavfini bartaraf etishi kerak.
Ma’lumot uchun, AQSh prezidenti Donald Tramp “Oltin gumbaz” loyihasini yaratish haqidagi farmonni 28 yanvar kuni imzolagan. SpaceX kompaniyasi ushbu loyihaning dastlabki muhandislik va loyiha ishlarini 6 milliarddan 10 milliard dollargacha baholagan. CNN telekanali xabariga ko‘ra, “Oltin gumbaz” Isroilning “Temir gumbaz”i kabi, lekin undan ko‘ra keng qamrovli va AQSh hududini to‘liq himoya qilishga mo‘ljallangan tizim bo‘ladi.