Saudiya Arabistonining janubida Yamanning «Ansar Alloh» harakati (xusiylar) tomonidan uchirilgan ballistik raketalar parchalari tushishi oqibatida ikki kishi jarohat oldi.
Saudiya matbuot agentligi (SPA) xabar berishicha, bu haqda qirollik Fuqaro muhofazasi boshqarmasi ma’lum qilgan.
«Yakshanba kuni Fuqaro muhofazasi kuchlari Xamis-Mushayt va Ahad-Rufayda okruglarida havoda tutib qolinib, yo‘q qilingan ikkita ballistik raketa parchalari yerga tushganini qayd etdi», — deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, jarohatlanganlardan biri Saudiya Arabistoni fuqarosi, ikkinchisi esa Osiyo mamlakatlaridan birining fuqarosidir.
Bundan tashqari, raketa parchalari tushishi natijasida uchta turar joy va yettita avtomobil shikastlangan.