“Vaqf” fondi rahbari o‘rinbosari Sardor Rahimxonning “youtube” sahifasida «Sardorga bo‘gma ilon tashlandi. Yetimlar xavf ostida qoldi”sarlavhasi ostida video yuklanib, ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining ma’lum qilishicha, videodagi ilon turi Namangan viloyatidagi davlat hisobiga qo‘yilgan «Kosonsoy dorbozlari» nomli xususiy hayvonot bog‘iga tegishli. Hayvonot bog‘i direktorining ta’kidlashicha, ilonni video olish uchun olib ketishgan va ko‘p o‘tmay qaytarib berishgan. Ushbu ilon sun’iy boqilishi natijasida odamlarga o‘rgatilgan, hech kimga hech qanday zarar yetkazmagan.
Bundan kelib chiqadiki, bu piton iloni video olish, xayp qilish uchun atayin olib kelingan.
Ekologiya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan. Bunda yovvoyi hayvonlardan sirk tomoshalarida foydalanish, jamoat joylarida olib yurish va sayr qildirish, maxsus qafassiz boshqa joylarga tashish, hayvonlardan foydalangan holda foto va video tasvirlarga tushirish, teleko‘rsatuvlarda va boshqa tadbirlarda hayvonlarni namoyish etish maqsadida olib borish yoki boshqa shaxslarga foydalanishga berish, shuningdek, sotish, sovg‘a qilishni taqiqlash ko‘zda tutilgan.